Namangan davlat universiteti rektori Abdug‘affor Qirg‘izboyev Buyuk ipak yo‘lining asosiy shaharlaridan biri bo‘lgan, poytaxt shahar Axsikent arxeologik yodgorligi majmuasiga tashrif buyurdi.

Tashrif davomida rektor majmua faoliyati, uning tarixiy ahamiyati hamda Namangan davlat universiteti Arxeologiya yo‘nalishi talabalari tomonidan hududda olib borilayotgan arxeologik qazishma ishlari bilan yaqindan tanishdi.

Axsikent qadimiy shahar sifatida eramizdan avvalgi III asrda tashkil topgan bo‘lib, qadimgi Farg‘ona davlatining poytaxti hamda Buyuk Ipak yo‘lining muhim savdo va madaniyat markazlaridan biri bo‘lgan. Tarixiy manbalarda, xususan, “Boburnoma” asarida ushbu shaharning strategik va tarixiy ahamiyati haqida alohida qayd etilgan.

Qadimdan Axsikent hududida yer osti suv inshootlari mavjud bo‘lgani bois, shahar mudofaa jihatidan qulay hisoblangan. Shahar tuzilishi ark, ichki shahar va tashqi shahar qismlaridan iborat bo‘lib, o‘z davrida bu yerda shishasozlik, kulolchilik, temirchilik hamda qurolsozlik kabi hunarmandchilik sohalari rivojlangan.

Manbalarga ko‘ra, 1620-yillar atrofida yuz bergan kuchli zilzila natijasida ulkan shahar vayron bo‘lgan. Bugungi kunda uning taxminan 70 gektarga yaqin qismi saqlanib qolgan bo‘lib, Axsikent Farg‘ona vodiysidagi eng yirik arxeologik yodgorliklardan biri sifatida e’tirof etiladi.

Tashrif yakunida rektor Abdug‘affor Qirg‘izboyev arxeologik tadqiqotlar natijalari hamda talabalar ishtirokida olib borilayotgan ilmiy-amaliy ishlar bilan tanishib, ushbu yo‘nalishdagi ishlarni yanada rivojlantirish muhimligini ta’kidladi.

Home Book

"Raqamli kutubxona"

www.namdu.uz

Bilim olishni "Raqamli kutubxona" tizimidan boshlang.

image