Namangan davlat universiteti rektori Abdug‘affor Qirg‘izboyev tomonidan bitiruvchi yoshlarni oliy ta’lim bilan qamrovini yanada oshirish, universitet faoliyati hamda mavjud ta’lim yo‘nalishlarini keng targ‘ib qilish maqsadida Kosonsoy tumani 35-sonli maktab faollar zalida tumandagi umumta’lim maktablari direktorlari bilan uchrashuv tashkil etildi.
Uchrashuv davomida universitetda yaratilgan zamonaviy shart-sharoitlar, ta’lim sifati, xalqaro hamkorlik aloqalari, talabalar uchun mavjud imkoniyatlar, shuningdek, 2026/2027-o‘quv yili uchun kunduzgi, kechki hamda masofaviy ta’lim shakllarining o‘zbek va rus guruhlari bo‘yicha ajratilgan kvotalari haqida batafsil ma’lumot berildi. Shu bilan birga, universitetda amalga oshirilayotgan islohotlar va yangilanishlar yuzasidan ham atroflicha fikr yuritildi.
“Kosonsoy tumanida bilimli va intiluvchan yoshlar ko‘p. Ularning sifatli ta’lim olishi hamda kelajakda yetuk mutaxassis bo‘lib voyaga yetishi uchun maktab va universitet hamkorligini yanada kuchaytiramiz”, — dedi Abdug‘affor Qirg‘izboyev.
Shuningdek, targ‘ibot tadbirlari doirasida tumandagi 56 ta ta’lim muassasasida 3207 nafar bitiruvchi o‘quvchilar ishtirokida ochiq muloqotlar tashkil etildi. Bitiruvchilarning 550 nafardan ortig‘ida umumta’lim fanlarini bilish darajasini belgilovchi milliy va xalqaro sertifikatlar mavjud ekani alohida e’tirof etildi. Bu esa hudud yoshlarining bilim salohiyati va oliy ta’limga bo‘lgan yuqori intilishidan dalolat beradi.
Uchrashuvlar davomida o‘quvchilarning kelajakdagi kasb tanlovi, oliy ta’limga tayyorgarlik jarayonlari hamda universitetda amalga oshirilayotgan islohotlar yuzasidan fikr almashildi. Ochiq muloqotlar savol-javoblarga boy, samimiy va yuqori kayfiyatda o‘tdi.