Uzoq yillar davomida Namangan davlat universitetida samarali faoliyat yuritgan, jamoa orasida o‘zining fidoyiligi, mas’uliyati va insoniy fazilatlari bilan yuksak hurmat qozongan, “Oliy va o‘rta maxsus ta’lim fidoiysi” ko‘krak nishoni sohibi, fiziologiya fani bo‘yicha universitet ilmiy maktabini yaratgan va ko‘plab shogirdlarni tarbiyalagan ustoz olim, professor Aripov Abdulla Nasritdinovich shu yil 16-iyun kuni 82 yoshida vafot etdi.
Abdulla Nasritdinovich 1944-yil 6-yanvarda Chortoq tumanida tug‘ildi. 1965-yilda Toshkent davlat universitetini (hozirgi Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universiteti) Odam va hayvonlar fiziologiyasi va biokimyo ixtisosligini tamomlagan.
Mehnat faoliyatini 1965-yilda Andijon davlat tibbiyot institutining Normal fiziologiya kafedrasida stajyor-o‘qituvchi sifatida boshlagan Abdulla Nasritdinovich 1978-yilga qadar mazkur kafedrada assistent, stajyor-tadqiqotchi, aspirant, katta o‘qituvchi va dotsent lavozimlarida faoliyat yuritdi.
1978-yildan hayotining so‘nggi kunlariga qadar Namangan davlat universitetida mehnat qilib, ta’lim jarayonini takomillashtirish, ilmiy salohiyatni yuksaltirish va malakali kadrlar tayyorlash ishlariga munosib hissa qo‘shdi.
Faoliyati davomida odam va hayvonlar fiziologiyasi, fiziologiya, biologiya va fiziologiya hamda hayot faoliyati xavfsizligi yo‘nalishlaridagi kafedralarga rahbarlik qildi, 1993–1998-yillarda universitetning o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori lavozimida ishladi. Shuningdek, uzoq yillar dotsent va professor sifatida yosh avlodga bilim berib, fiziologiya fani bo‘yicha universitet ilmiy maktabining shakllanishi va rivojlanishiga katta hissa qo‘shdi.
Fidoyi ustoz, zabardast olim, fiziologiya fani rivojiga munosib hissa qo‘shgan ilm darg‘asi, samimiy va olijanob inson Abdulla Aripovning porloq xotirasi universitet jamoasi, shogirdlari va yaqinlari qalbida abadiy yashaydi.
Namangan davlat universiteti jamoasi marhumning oila a’zolari, yaqinlari, do‘stlari va shogirdlariga chuqur hamdardlik bildiradi.