Asosiy kontentga otish

2026-yilgi FIFA Jahon chempionatida O‘zbekiston milliy terma jamoasining ilk uchrashuvi mamlakatimiz sport tarixida unutilmas voqea sifatida qayd etildi. Milliy jamoamizning Kolumbiya terma jamoasiga qarshi bahsi millionlab futbol muxlislari qatori Namangan davlat universiteti jamoasi tomonidan ham katta qiziqish va hayajon bilan kuzatildi.

Mazkur tarixiy uchrashuv Namangan viloyatining barcha shahar va tumanlarida katta ekranlar orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri namoyish etildi. Xususan, Namangan shahridagi “Barkamol avlod” sport majmuasida Namangan viloyati hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov boshchiligida davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, nuroniylar hamda yoshlar jam bo‘lib, milliy terma jamoamizni qo‘llab-quvvatladilar.

O‘zbekiston milliy terma jamoasi FIFA Jahon chempionatidagi debyut uchrashuvida kuchli raqibga qarshi munosib va mazmunli o‘yin namoyish etdi. Bahsning ikkinchi bo‘limi boshidanoq maydondagi kurash yanada keskinlashdi.

Uchrashuvning 59-daqiqasida Abbosbek Fayzullayev raqib darvozasini aniq nishonga olib, Jahon chempionatlaridagi ilk golimiz muallifiga aylandi va hisobni tenglashtirdi — 1:1. Ushbu tarixiy gol millionlab yurtdoshlarimizga cheksiz quvonch ulashdi.

Shundan so‘ng o‘yin har ikki jamoaning keskin hujumlari ostida davom etdi. Biroq uchrashuv taqdiri so‘nggi daqiqalarda hal bo‘ldi. Qo‘shimcha vaqt davomida Kolumbiya terma jamoasi yana ikki bor gol urishga muvaffaq bo‘lib, bahsni 3:1 hisobida o‘z foydasiga yakunladi.

Natija biz kutgandek bo‘lmagan bo‘lishi mumkin, ammo futbolchilarimizning maydondagi ishtiyoqi, matonati va g‘alabaga bo‘lgan intilishi millionlab muxlislar qalbidan chuqur joy oldi. Eng muhimi, O‘zbekiston milliy terma jamoasi Jahon chempionati sahnasida hech bir jamoadan kam emasligini amalda namoyon etdi.

Oldinda terma jamoamizni yana muhim sinovlar va yangi imkoniyatlar kutmoqda. Ishonamizki, vakillarimiz navbatdagi uchrashuvlarda yanada yorqin o‘yin namoyish etib, xalqimiz ishonchini oqlashda davom etadilar.

Olgʻa, Oʻzbekiston! Gʻalabalar hali oldinda!

#JahonChempionati #OlgʻaOʻzbekiston #BizBirgamiz

Home Book

"Raqamli kutubxona"

www.namdu.uz

Bilim olishni "Raqamli kutubxona" tizimidan boshlang.

image