O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 11-iyundagi PQ-220-son qarori bilan tasdiqlangan yo‘l xaritasi hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining 2026-yil 24-iyundagi 05/15-2238-son xatida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida tashkil etilgan “Chust va Yangiqo‘rg‘onga sayohat qil!” talaba-yoshlar festivali doirasida Yangiqo‘rg‘on tumanida yoshlar bilan ochiq muloqot tashkil etildi.
Mazkur ochiq muloqotda Namangan davlat universiteti, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti hamda Yangiqo‘rg‘on tumani hokimligi mas’ullari, professor-o‘qituvchilar, faol yoshlar va talaba-yoshlar ishtirok etdi. Tadbir davomida mamlakatimizda yoshlarga oid davlat siyosatini izchil amalga oshirish, yoshlar uchun yaratilayotgan keng imkoniyatlar, oliy ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar, bandlikni ta’minlash, tadbirkorlikni rivojlantirish, iqtidorli yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash hamda ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish masalalari yuzasidan atroflicha fikr almashildi.
Shuningdek, uchrashuv davomida oliy ta’lim muassasalari va hududlar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, yoshlarning ijtimoiy faolligini oshirish, ularni ilm-fan, innovatsiyalar, sport va madaniy-ma’rifiy loyihalarga keng jalb etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi.
Ochiq muloqot yakunida talaba-yoshlar tomonidan bildirilgan taklif va tashabbuslar tinglanib, ularning murojaatlari yuzasidan mutasaddilar tomonidan batafsil javoblar berildi. Bildirilgan fikr va takliflarni amaliyotga tatbiq etish hamda yoshlar bilan ochiq va samarali muloqotni izchil davom ettirish yuzasidan tegishli vazifalar belgilab olindi.