O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 11-iyundagi PQ-220-son qarori bilan tasdiqlangan yo‘l xaritasi hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining 2026-yil 24-iyundagi 05/15-2238-son xatida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida Yangiqo‘rg‘on tumanining tarixiy-madaniy merosi, betakror tabiiy landshaftlari, etnografik xususiyatlari hamda turizm salohiyatini keng targ‘ib etishga qaratilgan ilmiy-ommabop va raqamli turizm kontentlari tasvirga olindi.
Namangan davlat universiteti, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti hamda Yangiqo‘rg‘on tumani hokimligi hamkorligida tumanning Nanay turizm qishlog‘ida joylashgan Ko‘k saroy sayohatgohida tasvirga olish ishlari tashkil etildi. Jarayon davomida hududning so‘lim tabiati, tarixiy va madaniy merosi, milliy urf-odat va an’analari, mahalliy aholining turmush tarzi hamda zamonaviy turizm infratuzilmasini aks ettiruvchi foto va videomateriallar tayyorlandi.
Tasvirga olingan media kontentlar o‘zbek, rus, ingliz va boshqa xorijiy tillarda tayyorlanib, Yangiqo‘rg‘on tumanining sayyohlik salohiyatini xalqaro miqyosda keng targ‘ib etish, ichki va tashqi turizmni rivojlantirish, hududning tarixiy-madaniy merosini ommalashtirish hamda yoshlarda turizm madaniyatini yuksaltirishga xizmat qiladi.
Media kontentlarni tayyorlash jarayonida professor-o‘qituvchilar, talaba-yoshlar va soha mutaxassislari faol ishtirok etib, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda hududning turizm salohiyatini keng jamoatchilikka yetkazishga alohida e’tibor qaratildi.