O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 17-dekabrdagi 796-sonli “Aholiga davlat ijtimoiy sug‘urtasi bo‘yicha to‘lovlarni amalga oshirish tizimini takomillashtirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, 2026-yil 1-iyuldan boshlab vaqtincha mehnatga layoqatsizlik nafaqasi (“bolnichniy”)ni tayinlash va to‘lashning inson omilisiz hamda qog‘oz hujjatlarsiz ishlaydigan (proaktiv) yangi tartibi amaliyotga joriy etildi.
Ushbu tartib quyidagi bosqichlardan iborat:
- xodim kasal bo‘lib shifokorga murojaat qilganda, shifokor Yagona tibbiy axborot tizimi orqali elektron mehnatga layoqatsizlik varaqasini ochadi. Endilikda xodimdan qog‘oz ko‘rinishidagi kasallik varaqasini ishxonasiga olib borishi yoki ariza yozishi talab qilinmaydi. Elektron hujjat avtomatik ravishda davlatning «Ijtimoiy sug‘urta» tizimiga yuboriladi;
- nafaqa puli to‘lanishi uchun xodimdan umumiy hisobda kamida 6 oylik sug‘urta staji (ijtimoiy soliq to‘langan davr) bo‘lishi talab qilinadi. Tizim bu ma’lumotlarni soliq bazasi va «Yagona milliy mehnat tizimi» (my.mehnat.uz) orqali o‘zi avtomatik tarzda tekshiradi;
- kasallik davrining dastlabki 5 kuni uchun nafaqani ish beruvchi o‘z hisobidan to‘laydi, kasallikning oltinchi kunidan boshlab esa to‘lov Davlat ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi zimmasiga o‘tadi;
- Jamg‘arma tomonidan to‘lanadigan qism to‘g‘ridan-to‘g‘ri xodimning nomiga ochilgan va oxirgi 60 kun ichida ishlatilgan faol bank plastik kartasiga (yoki ijtimoiy kartasiga) tushirib beriladi (buning uchun «Baraka» mobil ilovasini har bir xodim o‘z mobil telefoniga joriy yilning 10-iyul kuniga qadar yuklab olishi shart).
Vaqtincha mehnatga layoqatsizlik nafaqasi (shuningdek, pensiya tayinlash va to‘lash bilan ham bog‘liq) tayinlash va to‘lash borasidagi yangi tartiblarni hisobga olib, xodim bilan hisob-kitobni amalga oshirish davomida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan salbiy holatlarni (o‘z vaqtida pensiya tayinlanmaslik, vaqtincha mehnatga layoqatsizlik nafaqa pullari miqdori kamayishi yoki umuman to‘lamaslik, noto‘g‘ri hisob-kitob qilish va h.k) oldini olish maqsadida qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan shaxsga doir hamda boshqa zarur hujjatlar va ma’lumotlarni o‘z vaqtida Xodimlar bo‘limiga taqdim qilinishi lozim.