Ma’lumki, yoshlar bilan ishlashning ilmiy yondashuvga asoslangan Namangan tajribasi joriy etilgan. Joriy yilning 23-iyun kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Namangan viloyatiga tashrifi davomida mazkur yangi tizim taqdim etilib, uni kelgusida yanada takomillashtirish va respublika miqyosida keng joriy etish bo‘yicha aniq topshiriqlar berilgan edi.
Mazkur topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida viloyatning yetakchi oliy ta’lim muassasasi – Namangan davlat universiteti huzurida “Yoshlar muammolarini o‘rganish va tahlil qilish markazi” faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Markaz yoshlar muammolarini chuqur o‘rganish, ilmiy tahlil qilish hamda ularni bartaraf etishga qaratilgan amaliy taklif va tavsiyalar ishlab chiqishga ixtisoslashgan ilmiy-amaliy tuzilma sifatida faoliyat yuritmoqda.
Markaz o‘z faoliyatini amaliy tadqiqotlardan boshladi. Jumladan, Uychi tumanidagi 53 ta mahallada kompleks o‘rganish ishlari olib borildi. Tadqiqotlar doirasida 1200 nafardan ortiq yosh o‘rtasida so‘rovnoma o‘tkazildi, 500 nafardan ziyod yosh bilan bevosita suhbat va intervyular tashkil etildi. Shuningdek, tumandagi 100 dan ortiq obyektning yoshlar manfaatlariga xizmat qilish samaradorligi tahlil qilindi.
O‘rganishlar natijasida 100 dan ortiq dolzarb muammo aniqlanib, ularning har biri bo‘yicha ilmiy asoslangan amaliy yechimlar ishlab chiqildi hamda ijroga yo‘naltirildi.
Bugungi kunda mazkur tajriba respublika miqyosida bosqichma-bosqich ommalashtirilmoqda. Shu maqsadda Namangan davlat universiteti huzuridagi “Yoshlar muammolarini o‘rganish va tahlil qilish markazi” faoliyati bilan yaqindan tanishish uchun Buxoro hamda Toshkent viloyatlaridan bir guruh mas’ul rahbarlar tashrif buyurdi.
Uchrashuvda Namangan viloyati hokimi o‘rinbosari Otabek Bozarov, Namangan davlat universiteti rektori Abdug‘affor Qirg‘izboyev hamda markaz rahbari Narimon Dehqonov ishtirok etib, markazning asosiy maqsad va vazifalari, ustuvor faoliyat yo‘nalishlari, erishilgan natijalar hamda istiqboldagi rejalar yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar.