Bugun, 7-iyul kuni Germaniyaning muhandislik, tabiiy fanlar va matematika yo‘nalishlari bo‘yicha ta’lim dasturlarini xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkazuvchi nufuzli ASIIN xalqaro akkreditatsiya agentligi ekspertlar guruhi Namangan davlat universitetining biologiya, fizika va kimyo yo‘nalishlari hamda mutaxassisliklari bo‘yicha bakalavriat va magistratura ta’lim dasturlarini xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkazish maqsadida tashrif buyurdi.
Tashrif doirasida Namangan davlat universiteti rektori Abdug‘affor Qirg‘izboyev boshchiligidagi universitet rahbariyati hamda ASIIN xalqaro akkreditatsiya agentligi ekspertlari ishtirokida rasmiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv avvalida universitet rektori mehmonlarni samimiy qutlar ekan, Namangan davlat universitetida keyingi yillarda ta’lim sifatini xalqaro standartlar asosida takomillashtirish, ilmiy salohiyatni yuksaltirish, o‘quv jarayoniga zamonaviy pedagogik va raqamli texnologiyalarni joriy etish, moddiy-texnik bazani mustahkamlash hamda xalqaro hamkorlikni kengaytirish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar haqida batafsil ma’lumot berdi.
Uchrashuv davomida ekspertlar guruhi a’zolari universitet faoliyati, ta’lim dasturlarining mazmuni, sifatni ichki ta’minlash tizimi, ilmiy-tadqiqot ishlari, xalqaro hamkorlik va talabalar uchun yaratilgan shart-sharoitlar yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qildilar. Universitet rahbariyati hamda mas’ul mutaxassislar tomonidan barcha savollarga batafsil javoblar berildi.
Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash joizki, tashrif dasturi davomida ASIIN ekspertlari universitetning tegishli fakultetlari, kafedralari, ilmiy laboratoriyalari va o‘quv infratuzilmasi bilan yaqindan tanishadi. Shuningdek, professor-o‘qituvchilar, talabalar, bitiruvchilar, ish beruvchilar hamda boshqa manfaatdor tomonlar bilan uchrashuvlar o‘tkazilib, ta’lim dasturlari xalqaro akkreditatsiya mezonlari asosida har tomonlama baholanadi.