Namangan davlat universitetida bakalavriat va magistratura bosqichini muvaffaqiyatli tamomlagan bitiruvchilarga diplomlarni tantanali topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tantanali tadbirda bakalavr va magistratura ta’lim bosqichida tahsil olgan bitiruvchilar, ularning ota-onalari, professor-o‘qituvchilar, pedagoglar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Tadbirni universitet rektori Abdug‘affor Qirg‘izboyev ochib berib, bitiruvchilarni qutladi hamda ularga kelgusidagi faoliyatlarida ulkan zafarlar, omad va muvaffaqiyatlar tiladi.
Shuningdek, tadbirda Namangan viloyati hokimining o‘rinbosari Otabek Bozorov hamda Namangan viloyati prokurori o‘rinbosari Sanjarbek Ismoilov so‘zga chiqib, bitiruvchilarni ulkan hayot yo‘liga qadam qo‘yayotganliklari bilan samimiy muborakbod etdilar. Ular o‘z nutqlarida yosh mutaxassislarning mamlakat taraqqiyoti, jamiyat ravnaqi va Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lidagi mas’uliyati haqida so‘z yuritib, bitiruvchilarga kelgusi faoliyatlarida muvaffaqiyat va zafarlar tiladilar.
Shundan so‘ng bakalavr va magistr bitiruvchilarga diplomlar tantanali ravishda topshirildi. O‘quv yili davomida ilm-fan, ta’lim, madaniyat, sport va boshqa yo‘nalishlarda yuksak natijalarga erishgan, shuningdek, respublika va xalqaro tanlovlar, fan olimpiadalari hamda universitet miqyosida tashkil etilgan musobaqalar g‘oliblariga sovg‘alar va tashakkurnomalar topshirildi.
Ma’lumot uchun, 2025/2026-o‘quv yilida universitet bakalavriatining kunduzgi ta’lim yo‘nalishlarini 1 ming 926 nafar, sirtqi ta’lim yo‘nalishini 2 ming 380 nafar, kechki ta’lim yo‘nalishini 333 nafar talaba tamomladi. Magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha esa 159 nafar magistrant oliy ta’limni yakunladi.
Tadbir San’at va sport fakulteti professor-o‘qituvchilari hamda talabalarining musiqiy chiqishlari bilan davom etdi. Yangragan kuy-qo‘shiqlar yig‘ilganlarga ko‘tarinki kayfiyat ulashib, bitiruvchilar uchun unutilmas bayram lahzalarini tuhfa etdi.