Asosiy kontentga o'tish

2026-yil 23-iyul kuni Namangan davlat universitetida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining topshiriqlari hamda nogironligi bo‘lgan shaxslarning oliy ta’lim olish imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida Ijtimoiy himoya milliy agentligiga qarashli maxsus ta’lim muassasalari rahbarlari bilan uchrashuv o‘tkazildi.

Tadbirda Namangan davlat universiteti o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori Davron Dehqonov, universitetning mas’ul xodimlari hamda Ijtimoiy himoya milliy agentligiga qarashli 44-, 45-, 46-, 47-, 48- va 49-son maxsus maktablar direktor va rahbarlari ishtirok etdi.

Uchrashuv davomida maxsus maktab bitiruvchilarining oliy ta’lim muassasalariga kirish imkoniyatlarini kengaytirish, ularning ta’lim jarayoniga muvaffaqiyatli moslashuvini ta’minlash, oliy ta’lim muassasalarida inklyuziv ta’lim muhitini rivojlantirish hamda nogironligi bo‘lgan abituriyentlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash masalalari yuzasidan atroflicha fikr almashildi.

Shuningdek, nogironligi bo‘lgan abituriyentlar uchun qabul jarayonida yaratilayotgan shart-sharoitlar, kirish imtihonlarini tashkil etishda zarur qulayliklarni ta’minlash, maxsus maktab bitiruvchilarini kasbga yo‘naltirish, professor-o‘qituvchilarning inklyuziv ta’lim bo‘yicha malakasini oshirish hamda ta’lim jarayoniga zamonaviy yondashuvlarni joriy etish masalalari muhokama qilindi.

Uchrashuv ochiq va konstruktiv muloqot ruhida o‘tdi. Ishtirokchilar amaliyotda uchrayotgan dolzarb muammolarni tahlil qilib, ularni bartaraf etish yuzasidan aniq taklif va tavsiyalarni bildirdilar. Ayniqsa, maxsus maktab bitiruvchilarini oliy ta’limga puxta tayyorlash, kasbga yo‘naltirish ishlarini kuchaytirish hamda universitet va maxsus ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikni tizimli yo‘lga qo‘yish zarurligi alohida ta’kidlandi.

Uchrashuv yakunida tomonlar nogironligi bo‘lgan yoshlarning oliy ta’lim olish imkoniyatlarini yanada kengaytirish, inklyuziv ta’limni izchil rivojlantirish hamda Namangan davlat universiteti va maxsus ta’lim muassasalari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha kelgusida ham samarali hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldilar.

Mazkur uchrashuv inklyuziv ta’lim tizimini rivojlantirish, nogironligi bo‘lgan yoshlarning oliy ta’limga bo‘lgan qiziqishini oshirish hamda ular uchun teng ta’lim imkoniyatlarini yaratishga xizmat qiladigan muhim amaliy qadamlardan biri bo‘ldi.

Home Book

"Raqamli kutubxona"

www.namdu.uz

Bilim olishni "Raqamli kutubxona" tizimidan boshlang.

image