Asosiy kontentga o'tish
ZAMONAVIY VA RAQOBATBARDOSH KADRLAR TAYYORLASH YO‘LIDA SOBITQADAMMIZ

Markaziy nashrlardan biri «Yangi O‘zbekiston» gazetasining navbatdagi sonida Namangan davlat universiteti rektori Abdug‘affor Qirg‘izboyevning «Zamonaviy va raqobatbardosh kadrlar tayyorlash yo‘lida sobitqadammiz» nomli maqolasi chop etildi.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan ishlab chiqilgan strategik dasturlarda tadqiqotlar sifatini oshirish, xalqaro ilmiy hamjamiyatga integratsiyalashuv hamda ilmiy ishlanmalarni iqtisodiyotning real sektoriga joriy etish oliy ta’lim muassasalarining ustuvor vazifalari etib belgilangan. Bizning Namangan davlat universiteti jamoasi ham mazkur transformatsiya jarayonining faol ishtirokchisi sifatida ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish sur’atlari, mehnat bozori ehtiyojlari va yoshlarning kasblarga bo‘lgan qiziqishidan kelib chiqib zamonaviy va raqobatbardosh kadrlar tayyorlash yo‘lida izchil va tizimli ravishda harakat qilmoqda.

Jumladan, 2025-2026 o‘quv yili davomida ta’lim jarayonini O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining me’yoriy-huquqiy hujjatlari hamda davlat ta’lim standartlari talablari asosida tashkil etish, ta’lim sifatini oshirish, kredit-modul tizimini yanada takomillashtirish va o‘quv-uslubiy hujjatlarni zamonaviy talablar asosida yangilash bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirildi.

Universitetda bugungi kunda 20 mingga yaqin talaba-yoshlar 10 ta fakultet, 1 ta bo‘lim va 27 ta kafedra tarkibida faoliyat yuritayotgan 600 nafardan ortiq malakali professor-o‘qituvchilardan 74 ta bakalavriat ta’lim yo‘nalishi, 26 ta magistratura mutaxassisligi va 35 ta doktorantura ixtisosligi bo‘yicha bilim olmoqda.

2025-2026-o‘quv yilida universitet bo‘yicha jami 203 ta malaka talabi, 298 ta o‘quv va ishchi o‘quv rejasi hamda 2 ming 916 ta o‘quv dasturi va sillabus ishlab chiqilib, belgilangan tartibda tasdiqlandi va ta’lim jarayoniga joriy etildi. Fan dasturlarining mazmunini xalqaro talablar asosida takomillashtirishga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, 420 ta o‘quv dasturi dunyoning “TOP-300” reytingiga kiruvchi oliy ta’lim muassasalarining ilg‘or o‘quv dasturlari, sillabuslari va samarali akademik tajribalari asosida qayta ko‘rib chiqildi hamda takomillashtirildi.

Universitetning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, talabalarning sifatli ta’lim olishi uchun munosib sharoitlar yaratish yo‘nalishida ham qator ishlar amalga oshirildi. Oxirgi bir yil davomida fizika-matematika, tabiiy va ijtimoiy fanlar fakultetlari talabalari uchun mo‘ljallangan 2 ming o‘rinli innovatsion o‘quv binosi yangidan qurilib, foydalanishga topshirildi.

Talabalar hayotida eng muhim va dolzarb muammolardan biri turar-joy masalasidir. Bu borada ham tizimli ravishda ish olib borilyapti. Hozirgi kunda umumiy sig‘imi 900 o‘rinli 2 ta talabalar turar-joyi xizmat ko‘rsatyapti. Ularda talabalarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish uchun ma’naviyat, kutubxona, kir yuvish va dazmollash xonalari ishlab turibdi. Ayni paytda, “Yuksalish” massivida joylashgan innovatsion fakultet hududida ham yana 1000 o‘rinli 2 ta 7 qavatli talabalar turar joy binosi qurilishi yakunlanib yangi o‘quv yilidan ishga tushiriladi. Ayni paytda professor-o‘qituvchilar, ishchi-xodimlar hamda talabalar uchun 500 o‘rinli zamonaviy oshxona binosi qurilishi ishlari ham boshlab yuborildi.

Talabalarning mustaqil ta’lim olishlari, fanlarni chuqur o‘zlashtirishi va ilmiy izlanishlarini qo‘llab-quvvatlash uchun universitet axborot-resurs markazida ham zarur sharoitlar yaratilgan. Bu yerda 16 mingdan ziyod nomdagi jami 278 ming 682 nusxa adabiyot jamlangan. Shundan 5 ming 923 nomdagi 92 ming 465 nusxa darslik, 2 ming 728 nomdagi 67 ming 360 nusxa o‘quv qo‘llanma hamda 492 nomdagi 46 ming 431 nusxa badiiy adabiyot hisoblanadi. Talabalarning o‘quv jarayonida foydalanishi uchun zarur bo‘lgan o‘quv adabiyotlari qariyb 100 foiz elektron shaklga o‘tkazilgan.

Yoshlarni kelgusidagi kasbiy faoliyatga tayyorlash, mutaxassislik bo‘yicha amaliy tajribasini oshirish maqsadida amaliyot masalasiga ham alohida ahamiyat berilmoqda. Yakunlangan o‘quv yilida 13 ming 750 nafar talaba malaka amaliyotiga jalb etildi. Buning uchun 8 ming 537 ta turli tashkilot va muassasalar bilan shartnomalar tuzildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 14-fevraldagi PQ-61-son qaroriga muvofiq oliy ta’lim tashkilotlari bitiruvchilarining ishga joylashishiga ko‘maklashish to‘liq raqamlashgan holda career.edu.uz elektron platformasi orqali tashkil etildi. Hisobot davrida platforma orqali jami 1 ming 182 ta shartnoma yuborildi va mazkur tizim asosida 1 ming 242 nafar talaba malaka amaliyotini o‘tadi. Elektron platformadan foydalanish amaliyot jarayonlarini tartibli tashkil etish, talabalarni tegishli tashkilotlarga yo‘naltirish va shartnomaviy hujjatlarni tezkor rasmiylashtirish imkonini berdi.

Hozirgi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish jarayonlari, mehnat bozori ehtiyojlari hamda yoshlarning ta’limga bo‘lgan qiziqishlari chuqur tahlil qilinib, universitetda yangi ta’lim yo‘nalishlari ochilmoqda. Shuningdek, ilmiy-tadqiqot ishlari mavzulari viloyatning dolzarb muammolari va amaliy ehtiyojlaridan kelib chiqib shakllantirilishiga e’tibor qaratilmoqda.

Universitetda bitiruvchilarni ish bilan ta’minlash va ularning tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash dolzarb masalalardan biri hisoblanadi. Shu maqsadda O‘zbekiston Milliy bankining “Kelajakka qadam” dasturi doirasida bitiruvchilarga imtiyozli kreditlar olishda amaliy yordam ko‘rsatilmoqda. 2024/2025-o‘quv yilida 64 nafar bitiruvchi 1,2 milliard so‘mlik imtiyozli kredit olgan bo‘lsa, 2025/2026-o‘quv yilida ushbu ko‘rsatkich qariyb uch baravarga oshib, 199 nafar bitiruvchiga 3,5 milliard so‘mlik imtiyozli kredit ajratildi, shuningdek, yana 285 nafar bitiruvchilarimizning tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yishi uchun 3 milliard so‘mlik imtiyozli kredit olishi rejalashtirilgan.

ILMIY SALOHIYAT O‘SMOQDA

Bugungi kunda universitetda 45 nafar fan doktori (DSc), professorlar va 295 nafar falsafa doktori (PhD), dotsentlar faoliyat olib bormoqda. E’tiborli jihati shundaki, professor-o‘qituvchilarning ilmiy salohiyati o‘tgan bir yil ichida 41 foizdan 58 foizga yetdi va yil yakuniga qadar uni 65 foizga yetkazish ustida tizimli ishlar olib borilmoqda.

Universitetda ilmiy darajalar beruvchi 5 ta ilmiy kengash 10 ta ixtisoslik bo‘yicha faol ishlamoqda. O‘tgan bir yildan ziyod vaqt ichida jami 246 tadan ortiq (2025 yilda 166 ta, joriy yilning hozirgi davrigacha 80 ta) dissertatsiya muvaffaqiyatli himoya qilindi. Iqtidorli talabalarni ilm-fanga jalb qilish borasida ham qator salmoqli natijalarga erishildi. Xususan, yoshlarimizning 1 nafari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti stipendianti, shuningdek, Islom Karimov (1 nafar), Alisher Navoiy (6 nafar), Mirzo Ulug‘bek (1 nafar) hamda Bobur (1 nafar) nomidagi davlat stipendianti hisoblanadi. Bundan tashqari, “Mirzo Ulug‘bek vorislari” loyihasining respublika bosqichida 2 nafar talabamiz g‘oliblikni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, yana 4 nafari tanlovning maxsus sovrinlariga ega bo‘ldi. Mazkur ko‘rsatkichlar universitetda yosh olimlar maktabi mustahkam poydevorga ega ekanligining yaqqol va amaliy isbotidir.

Olimlarimiz tomonidan qisqa vaqt ichida Scopus va Web of Science xalqaro bazalariga kiruvchi nufuzli jurnallarda 130 dan ortiq maqola chop etildi. Erishilgan muhim yutuqlardan yana biri — ilmiy faoliyat faqat nashrlar soni bilan emas, balki ularning sifati va xalqaro iqtibosliligi bilan o‘sib borayotganidir. Olimlarimiz ORCID, ResearchGate va Google Scholar kabi xalqaro profillarda faol ishtirok etib, universitetning xalqaro ko‘rinuvchanligini oshirmoqdalar. Shuningdek, Belarus olimlari bilan qo‘shma tadqiqotlar, o‘zbek-turk qiyosiy tilshunosligi bo‘yicha olib borilgan izlanishlar bevosita amaliy natijasini berib, xalqaro nashriyotlarning nufuzli jurnallarida e’lon qilinmoqda.

So‘nggi bir yil davomida ilm-fanni ishlab chiqarish integarsiyasi yo‘nalishida muhim va dadil qadamlar tashlandi. Hozirgi kunda universitetda umumiy qiymati qariyb 5,1 milliard so‘m bo‘lgan 5 ta davlat granti loyihasi muvaffaqiyatli bajarilmoqda. Orol dengizining qurigan tubidagi suv havzalarining gidrobiologik tarkibini aniqlash hamda istiqbolli suvo‘tlaridan foydalanish imkoniyatlarini o‘rganish, bioxilma-xilligi xavf ostidagi hudud sifatida Farg‘ona vodiysi florasining raqamli platformasini ishlab chiqish, O‘zbek va turk geortonimlarining lingvokulturologik, etnolingvistik tadqiqi, Tenzo va tebranishlar texnik signallarining xususiyatlarini diskret veyvletlar yordamida olingan binar vektorlar tizimli diagnostik tahlili kabi tadqiqotlar dolzarb muammolar yechimiga qaratilgandir.

Universitet olimlarining ishlanmalarini tijoratlashtirish borasidagi yutuqlar ham salmoqli. Bugungi kunda 4 ta ishlab chiqarish korxonasi hamda 15 ta xo‘jalik shartnomasi asosida amaliy ishlar olib borilmoqda. Xususan, «AGROFOOD TECHNOLOGY» spin-off korxonasida yodga boy ko‘k yong‘oq murabbosi ishlab chiqarilib, iste’molchilarga yetkazib berilayotgan bo‘lsa, «Mo‘l hosil baraka» korxonasida olimlarimiz ishlanmasi asosida mahsulot tannarxini 15–20 foizga arzonlashtirishga erishildi. Shuningdek, hududiy ijtimoiy-iqtisodiy muammolar yechimiga qaratilgan dissertatsiyalar soni 2025 yilda 63 tani tashkil etgan bo‘lsa, joriy yilning birinchi yarmidayoq bu ko‘rsatkich 92 taga yetgani universitet ilm-fanining real hayotga qanchalik tez va samarali tatbiq etilayotganini ko‘rsatadi.

HAMKORLIK GEOGRAFIYASI KENGAYMOQDA

Bugungi kunda universitet nafaqat hududning, balki respublikaning xalqaro hamkorlik yo‘nalishida jadal rivojlanayotgan oliy ta’lim muassasalaridan biri sifatida e’tirof etilmoqda. Universitetning rivojlanish strategiyasida xalqaro hamkorlik, ilm-fan, innovatsiyalar va akademik mobillik ustuvor yo‘nalishlar sifatida belgilangan.

Dunyoning turli davlatlaridagi yetakchi universitetlar bilan 18 ta xalqaro memorandum imzolandi. Eng muhimi mazkur memorandumlarning barchasi amaliy bosqichga olib chiqildi. Bugungi kunda ular doirasida qo‘shma ilmiy tadqiqotlar, akademik almashinuv dasturlari, professor-o‘qituvchilar stajirovkalari, qo‘shma konferensiyalar va ilmiy seminarlar tashkil etilmoqda. Bu esa xalqaro hamkorlikni rasmiy hujjatlar darajasidan real natijalarga yo‘naltirilgan tizimga aylantirish imkonini berdi. Universitetning xalqaro hamkorlik geografiyasi ham tobora kengaymoqda. Bugungi kunda Osiyo, Yevropa, Amerika va MDH mamlakatlaridagi nufuzli universitetlar bilan samarali aloqalar yo‘lga qo‘yilgan. Hamkorlik doirasida qo‘shma ta’lim dasturlari, ilmiy loyihalar, grantlar, yozgi maktablar, qisqa muddatli kurslar hamda professor-o‘qituvchilar almashinuvi yo‘lga qo‘yilgan. Natijada ta’lim sifati, ilmiy faoliyat va xalqaro reyting ko‘rsatkichlari sezilarli darajada yaxshilanmoqda.

Professor-o‘qituvchilarning xalqaro salohiyatini oshirish maqsadida hisobot davrida 55 nafar xorijiy professor va mutaxassis universitetga tashrif buyurdi. Ular tomonidan ochiq ma’ruzalar, seminarlar, mahorat darslari va ilmiy uchrashuvlar tashkil etildi. Shuningdek, 16 nafar professor-o‘qituvchi xorijiy universitetlarda stajirovka o‘tadi, 40 nafar professor-o‘qituvchi esa xalqaro malaka oshirish dasturlarida ishtirok etdi. Natijada universitetda zamonaviy pedagogik texnologiyalar, raqamli ta’lim vositalari, sun’iy intellekt elementlari va innovatsion ta’lim metodlarini joriy etish ishlari yanada jadallashdi. Xalqaro ta’lim dasturlarini rivojlantirish borasida ham muhim yutuqlarga erishildi. Bugungi kunda universitetda 8 ta Double Degreye va Joint Degreye dasturi muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. Ushbu dasturlar talabalarga xalqaro tan olinadigan diplom olish, xorijiy universitetlarda tahsilni davom ettirish va global mehnat bozorida raqobatbardosh mutaxassis bo‘lib yetishish imkonini bermoqda.

Universitetda xalqaro faoliyatni boshqarishda raqamlashtirish jarayonlari ham yangi bosqichga olib chiqilmoqda. Hamkor universitetlar bazasi, xalqaro memorandumlarning elektron arxivi, grant monitoringi tizimi, akademik mobillik platformasi va xalqaro hamkorlikning KPI monitoringi tizimlarini joriy etish bo‘yicha amaliy ishlar olib borilmoqda.

Mamlakatimiz taraqqiyotining yangi bosqichida oliy taʼlim oldida turgan vazifalar tobora kengayib, uning jamiyat va davlat hayotidagi masʼuliyati yanada ortib bormoqda. Mustaqilligimizning 35 yilligi arafasida mamlakatimizdagi ulkan bunyodkorlik ishlari, ilm-fan va taʼlimga qaratilayotgan yuksak eʼtibor har birimizga katta kuch va masʼuliyat bagʻishlaydi. Namangan davlat universiteti jamoasi ham ana shu ezgu maqsadlar yoʻlida oʻzining ilmiy, maʼrifiy va bunyodkorlik salohiyatini safarbar etib kelyapti. Bugun universitetimizda taʼlim sifatini oshirish, ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish, xalqaro hamkorlikni kengaytirish, yoshlarning isteʼdodi va tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash borasidagi ishlar ertangi kunimizning mustahkam poydevorini yaratishga xizmat qiladi deb ishonamiz.

 

Home Book

"Raqamli kutubxona"

www.namdu.uz

Bilim olishni "Raqamli kutubxona" tizimidan boshlang.

image