O‘ZBEKISTON VA FRANSIYA: HAMKORLIKDAN STRATEGIK SHERIKLIK SARI
- Bosh sahifa
- Axborot xizmati
- Munosabat
- O‘ZBEKISTON VA ...
- 13.03.2025
- 20:36
- 109
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev davlat tashrifi bilan Fransiya Respublikasida bo‘lib turibdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Fransiyaga davlat tashrifi va oliy darajada o‘tkazilgan muzokaralar ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikni yangi strategik sheriklik bosqichga olib chiqishda muhim qadam bo‘ldi.
Davlat rahbarlari ko‘p qirrali O‘zbekiston – Fransiya munosabatlarini yanada rivojlantirish va mustahkamlash masalalarini yuzma-yuz va delegatsiyalar ishtirokida atroflicha muhokama qildilar. Ikki mamlakat yetakchilarining 2023-yil noyabr oyida Samarqand shahrida o‘tgan uchrashuvi davomida erishilgan kelishuvlar amalga oshirilayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.Turli darajalarda faol muloqotlar davom etmoqda. O‘tgan yilda tovar ayirboshlash hajmi ilk bor 1 milliard yevrodan oshdi, qo‘shma korxonalar soni 4 barobar ko‘paydi. Yurtimizda Fransiyaning "Orano", "EDF", "Total", "SUEZ", "Voltalia", "Veolia" va ko‘plab boshqa yetakchi kompaniyalari muvaffaqiyatli ish olib bormoqda. Fransiya taraqqiyot agentligi bilan hamkorlik yangi sifat kasb etdi, u bilan yangi Hamkorlik dasturi qabul qilinmoqda.
Prezidentimiz tashrifi doirasida Fransiya Respublikasi Prezidenti Emmanuel Makron bilan amalga oshirilgan uchrashuvlar hamda imzolangan qator muhim hujjatlar ikki tomonlama aloqalarning barqaror rivojlanishi va kengayishiga zamin yaratadi. Har ikki mamlakat yetakchilari o‘rtasidagi muzokaralar o‘zaro ishonch va manfaatdorlik ruhida o‘tgani muhim ahamiyatga ega.
Muzokaralar davomida davlat rahbarlari siyosiy muloqotni chuqurlashtirish, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va innovatsion hamkorlikni yanada rivojlantirish, infratuzilma, transport va logistika, energetika, ta’lim, sog‘liqni saqlash va turizm kabi sohalarda yangi loyihalarni amalga oshirish yuzasidan kelishib oldilar.
Ayniqsa, Yetakchilar gumanitar yo‘nalishdagi amaliy hamkorlikni kengaytirishga alohida e’tibor qaratdilar. Parij shahrida Savitskiy muzeyi to‘plamidagi avangard asarlar ko‘rgazmasini tashkil etish, madaniy yodgorliklarni saqlash va restavratsiya qilish bo‘yicha hamkorlik uchun mamlakatimizda Fransiya merosi instituti vakolatxonasini ochish rejalari qo‘llab-quvvatlandi.
Jumladan, joriy yilda Toshkent shahrida Fransiyadan tajribali mutaxassislarni jalb qilgan holda O‘zbekiston – Fransiya universiteti ochilishi ta’lim sohasidagi asosiy kelishuv bo‘lgani ta’kidlandi. Fransuz tili o‘qituvchilarini tayyorlash sohasida ham samarali hamkorlik davom ettiriladi.
Muzokaralar natijasida imzolangan bitimlar esa ikki davlat o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.
Tashrif doirasida Parij shahrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni Fransiya Respublikasining oliy mukofoti – Faxriy legion ordeni bilan taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Yuksak mukofotni davlatimiz rahbariga Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron tantanali ravishda topshirdi.
Prezidentimizning ushbu tashrifi O‘zbekiston-Fransiya munosabatlarining yangi sahifasini ochdi va kelgusi hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun mustahkam zamin yaratadi. Bunday yuqori darajadagi muloqotlar va imzolangan bitimlar ikki mamlakat xalqlarining farovonligi va taraqqiyotiga xizmat qiladi.
Nodirbek Kodirov.
Tibbiyot fakulteti Yoshlar bilan ishlash bo‘yicha dekan o‘rinbosari,
Falsafa fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), dotsent,
Ma’rifat targ‘ibotchilar jamiyati a’zosi.